O‘tayotgan har bir kun, har bir daqiqa mamlakatimiz mustaqilligining o‘n to‘qqiz yilligini tobora yaqinlashtirmoqda. Ko‘ngillarda bayram shukuhi, ko‘cha-ko‘yda, katta-kichik jamoalarda tantana tadorigi hukmron. To‘yga to‘yona bilan borishdek go‘zal odatimizning amaliy ko‘rinishi bu.
Albatta, o‘n to‘qqiz yil – tarix uchun juda oz muddat. Lekin shu qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida asrlarga tatigulik ishlar qilindi. Shu yillar davomida yurtimizda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirildi, olamshumul o‘zgarishlar yuz berdi. Islohot islohot uchun emas, islohot inson uchun, uning manfaatlari uchun, degan ezgu da’vat hayotimizning shioriga aylandi.
Jamiyatimizning barcha jabhalarida ro‘y bergan yangilanishlar, istiqlol bergan imkoniyatlar haqida hayajonsiz, to‘lqinlanmasdan so‘z yuritish mushkul. Bu haqda gap ochilganda, o‘z-o‘zidan g‘urur jo‘sh uradi, qalb iftixorga to‘ladi. Va beixtiyor mustabid tuzum davrida kim edik, degan savol xayoldan o‘tadi. Aslida shu savol bizni mustaqillik ne’matlarini qadrlashga o‘rgatadi. Taqqos va qiyos odilona xulosa chiqarish, xolis baho berish imkonini yaratadi.
Keling, fikrlarimizni mamlakatimizda telefon tarmog‘ining o‘n to‘qqiz yil avvalgi va bugungi taraqqiyoti misolida solishtirib ko‘raylik.
G‘arb mamlakatlari aholisi XIX asrning 70-yillaridan telefon aloqasidan foydalana boshlagan. Boston universiteti professori Grexem Bell 1876 yilning 14 fevralida birinchi telefon apparatiga patent olgani tarixdan ma’lum. Oradan yuz yil – bir asr o‘tib bu tizim dunyoda shunchalik rivojlandiki, har qanday masofadan aloqa bog‘lash mumkin edi.
Lekin istibdod iskanjasida ezilgan yurtdoshlarimiz bir asr avval kashf qilingan va juda taraqqiy etgan shu qulaylikdan bemalol foydalana olmasdi. XX asr 70-yillarining oxiri, 80-yillarining boshidagi ahvolni ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring. O‘zbekistonga almisoqdan qolgan ATSlar keltirilar, uning ham "nomer”lari cheklanganidan uyga telefon tushirish uchun yillab navbat kutilardi. Turli buyruqbozlik to‘siqlari esa endi navbati kelgan odamlarni undan voz kechishga majbur qilgan holatlar ham tez-tez uchrab turardi.
Bir amallab uyiga telefon tushirganlarga ham havas qilib bo‘lmasdi. Xonadonlarga o‘rnatilgan telefonlarga baqirib gapirmasangiz, hatto qo‘shni mahalladagi suhbatdoshingiz yaxshi eshitmasdi.
Qishloqlardagi ahvol yanada achinarli edi. Chekka hudud yohud olis ovullarni qo‘ya turing. Toshkent shahridan, nari borsa, yuz chaqirim keladigan qishloqdagi qarindoshingiz bilan telefonda gaplashish uchun kamida ikki kun ketardi. Oldin telegramma berib, uni muayyan vaqtga tuman markaziga chaqirtirasiz. Keyin ATSga borib, bog‘lab berishlarini soatlab kutasiz. "Liniya band”, degan iborani eshitaverib asablaringiz qaqshar edi.
Ammo ayni shu paytda o‘zga yurt odamlari simsiz aloqa – mobil telefonda so‘zlasha boshlaganini "kuting, keyingi hafta keling” deguvchilar tushida ham ko‘rmagandir. "Motorola” kompaniyasi rahbari Martin Kuper 1973 yilning 3 aprelida Manxetten ko‘chalarida yurib "sotka”da suhbat qurgan vaqtda sobiq totalitar tuzum daholari oddiy odamlarni hatto simli telefon uchun navbatga qo‘yishdan charchamasdi. Inson qadri, uning manfaatlari, qulaylik va imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan ishi yo‘q edi. Qisqasi, telefon ixtiro qilinganidan to mustaqillikka erishganimizcha oradan rosa 119 yil o‘tdi.
Hozir yuqoridagi gaplar ko‘pchilik, ayniqsa, yoshlar uchun ertaknamo hikoya bo‘lib tuyuladi. Chunki istiqlol nasimlari esa boshlagandan keyin barcha sohalarda bo‘lgani kabi aloqa tizimi, xususan, telefon tarmog‘i taraqqiyotida misli ko‘rilmagan yangilanishlar amalga oshirildi. Mehnatkash va fidoyi xalqimiz uchun bir yuz o‘n to‘qqiz yil kechiktirilgan imkoniyatlar sanoqli yillarda yuksak saviyada yaratildi.
Bugun xonadonlarimizga eng zamonaviy telefonlar o‘rnatilgan. Sayyoramizning istalgan nuqtasi bilan uyingizda o‘tirib bamaylixotir gaplashasiz. Hozir hech kim go‘shakni ushlab, baqir-chaqir qilmaydi. Raqamli ATSlar, optik tolali telefon tarmog‘i jahon standartlariga to‘liq javob beradi.
Birgina misol: 2010 yilning birinchi yarmida mamlakatimizdagi qishloq vrachlik punktlarining 1046 tasi GSM va CDMA standartlaridagi aloqa vositalari bilan ta’minlandi. Barcha kirish qo‘ng‘iroqlari bepul bo‘lgan bu telefonlar eng zamonaviy aloqa vositalaridan sanaladi.
Telekommunikatsiya sohasini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash natijasida yuqori o‘tkazuvchanlik salohiyatiga ega raqamli sinxron iyerarxiya texnologiyalari asosida o‘ta sifatli va barqaror ishlaydigan telefon tarmog‘i bunyod etildi. Bu taqdim etilayotgan an’anaviy xizmatlarni kengaytirish, yangi turdagi xizmatlarni joriy etish, mobil aloqa, ma’lumot uzatish va Internetdan qulay va tezkor foydalanish bo‘yicha zamonaviy infratuzilma rivojlanishiga turtki bo‘lmoqda. Bugun O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmog‘ida o‘tkazilgan magistral optik tolali aloqa liniyalarining umumiy uzunligi 13 ming kilometrdan oshdi va barcha tumanlarni qamrab oldi. Bularning bari istiqlol tufayli amalga oshirilgan islohotlar natijasi emasmi?! Inson azizligi, manfaati ustuvorligining ta’minlangani emasmi?!
Mobil aloqa tizimidagi yangiliklar ham faqat mustaqillik sabab hayotimizga kirib keldi. Uning yurtimizdagi tug‘ilgan kuni 1992 yil 26 avgust sanasiga to‘g‘ri keladi.
Endi "sotka”siz hayotni tasavvur qilish qiyin. Oilamizning har bir a’zosida mobil telefon bor. Istalgan daqiqada farzandimizning qayerdaligini bilish imkoniyati mavjud. Har kuni xabar ololmaydigan ota-onamiz bilan telefonda bog‘lanib ko‘nglimiz taskin topadi. Ular ham nafaqat farzandining ovozini eshitgani, balki MMS orqali suratini ko‘rganidan, GPS xizmatidan foydalanib, jonli tasvirda gaplashganda yonida o‘tirganday tasalli olishadi. Shunday imkoniyat yaratib berganlarni duo qilishadi.
"O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining "UzNet”, "TShTT” va "ToshTTS” filiallarida IP-telefoniya xizmati ham joriy etildi. Bu texnologiyaning o‘ziga xosligi shundaki, kompyuterda internet orqali ma’lumot uzatiladi. Xuddi elektron pochta (E-mail) singari tovush ham raqamli ma’lumotga aylantiriladi va suhbatdoshga yetkaziladi. Boshqacha aytganda, IP-telefoniya – bu ma’lumot uzatish tarmog‘i bo‘ylab tovushni uzatishdir. IP-telefoniya odatdagi telefon so‘zlashuvlaridan 2-3 marta arzon texnologiyadir.
…Asad bobo qirq yildan oshiq cho‘ponlik qildi. Olis yaylovlar, ko‘z ilg‘amas kengliklarda oylab yurardi. Oilasi, yaqinlari bilan tez-tez xabarlashishning imkoni yo‘q edi. Bugun uning ishini farzandlari davom ettirayapti. Boboning esa ko‘ngli to‘q, o‘zi xotirjam. "Sotka” bor bo‘lsin. Katta o‘g‘il qaysi qirda, ikkinchisi qaysi adirda ekanini bilib, ahvolidan xabardor bo‘lib o‘tiradi.
– Ilgari, bilmaysizmi, qayerda telefon bor, deb so‘rab yurganlar ko‘p bo‘lardi, – deydi Bibi momo. – Hozir bunday savol umuman muomaladan chiqib ketdi. Chunki hammaning uyida, qo‘lida telefon. Mana, shu "sotka”ni shahardagi shifokor nevaram berib qo‘ygan. Ishlatishni bilmayman, raqam terishga ko‘zim o‘tmaydi, desam, kuladi. Telefonga qarab, "do‘xtir bolam” desangiz bo‘ldi, meni chaqiradi, deydi. Rostdan ham shunday. Lekin dadasi aytsa ishlamaydi. Faqat mening ovozimni qabul qiladi.
Momoning telefoniga nevarasi har safar raqam terish shart bo‘lmagan "ovozli chaqiruv” xizmatini o‘rnatib bergan ekan. Qariyalarimiz uchun ajoyib qulaylik, shunday emasmi? Barcha islohotlar odamlarning turmush farovonligi uchun ekanligi, bu muqaddas Vatanda eng avvalo inson azizligining kichik bir misoldagi amaliy ko‘rinishi emasmi bu?!
– Mustaqillikdan oldin yuzdan ziyod oila yashaydigan qishlog‘imizda ikkitagina telefon bor edi, – deydi Beruniy tumanidagi "Do‘stlik” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Tojigul O‘rozboyeva. – Birinchisi raisning, ikkinchisi do‘konchining uyida. Hozir-chi? Nafaqat har bir oila, balki uning barcha a’zolariga bittadan telefon to‘g‘ri keladi. Ikkita ko‘tarib yurganlar ham bor. Shunday imkoniyatlar yaratilganidan quvonmay bo‘ladimi?!
Ha, mustaqillik bergan imkoniyatni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Shu bois ularning qadriga yetmoq, avaylamoq, eng muhimi, dil-dildan his etmoq va, tabiiyki, shukrona keltirmoq joiz!.
|